Bugun, 24- mart kuni Xorazm viloyati statistika boshqarmasi ishchi-xodimlari ishtirokida kasaba uyushmasi qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyati kengashi raisi Sh. J. Ollaberganov qatnashdi.
Yig‘ilish kun tartibida viloyat statistika boshqarmasi ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2021 - 2023- yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining o‘tgan 2021- yilda bajarilish holati muhokama etilib, bu yuzasidan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari A.Rahimov va kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Q.Quryozovlarning hisobotlari tinglandi. Xususan, 16 bo‘limdan iborat bo‘lgan, ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasida mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi mahalliy normativ hujjat hisoblangan jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni bajarilishida hududiy boshqarma ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasining hamkorlikdagi samarali faoliyati alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, joriy yilda jamoa a’zolari uchun ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaxshilashga yanada e’tiborni kuchaytirish, jamoa o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish ishlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Axborot xizmati