O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida amalga oshirilishi belgilangan.
1-5- noyabr kunlari Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatga olish ishlari yakuniga etgach, yuqoridagi hududlarda an’anaviy usulda so‘rovnoma varaqalari asosida tashkil etiladigan jarayonga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Respublikamizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro viloyati statistika boshqarmalari mutaxassislari tajriba o‘rganish maqsadida Xiva shahrida 11-22- noyabrdagi tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda bevosita ishtirok etadilar. Shu bilan bir qatorda ro‘yxatga olish jarayonlarida kuzatuvchi sifatida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Statistika qo‘mitasi, BMT ning Aholishunoslik jamg‘armasi vakillari hamda Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasining ishtirok etishi kutilmoqda.
Axborot xizmati