15/10/2021

 Bugun, 15- oktabr kuni Xorazm viloyati statistika boshqarmasida Germaniya xalqaro hamkorlik hamjamiyatining (GIZ) “Orolbo‘yi hududining ekologik yo‘naltirilgan mintaqaviy rivojlanishi” loyihasi doirasida viloyatda o‘simlikshunoslik va chorvachilik sohasidagi ekologik yo‘naltirilgan biznes loyihalar tadqiqoti bo‘yicha  “UNIQUE Forestry and Land Use” (Germaniya) konsalting kompaniyasi  milliy konsultanti E.Sirojiddinovning  boshqarma rahbariyati bilan  uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda  boshqarma boshlig‘i v.b. X.Egamov, birinchi o‘rinbosari U.Bardiev, tegishli tarmoq bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

 O‘zaro muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda  Orolbo‘yi, xususan, Xorazm viloyatida o‘simlikshunoslik va chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan  istiqbolli biznes loyihalarni ishlab chiqishda ochiq statistik ma’lumotlardan foydalanishning ahamiyati  xususida so‘z bordi. Mazkur loyihaning asosiy maqsadi, viloyatda sohani rivojlantirish yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shu orqali ekologik samarali va kamxarj  mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasiga oid ma’lumotlar o‘z navbatida loyihani tayyorlash va iqtisodiy prognozlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Muloqot davomida viloyat statistika boshqarmasi tomonidan konsalting kompaniyasiga  loyihani amalga oshirishda zarur bo‘lgan ochiq statistik ma’lumotlarni taqdim qilishga kelishib olindi.

 Axborot xizmati