11/08/2021

Hukumat qarori (504-son, 09.08.2021- y.) bilan “Rivojlanishda orqada qolayotgan hamda ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash orqali oilalarning daromad manbaini yaratish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlandi.

 Unga ko‘ra, tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan “og‘ir” mahallalar belgilanadi.

 Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun “o‘sish nuqtalari” aniqlanib, har bir tadbirkorlik yo‘nalishiga “yetakchi” tadbirkorlar biriktiriladi.

 “Og‘ir” mahallalarga biriktirilgan “yetakchi” tadbirkorlarga 3 yil muddatgacha yillik 10 foiz stavkada mahalla uchun 2 milliard so‘mgacha kreditlar kooperatsiya asosida ajratiladi.

Har bir “og‘ir” mahallaga ajratilgan 2 mlrd. so‘m mablag‘larning 10 foizgacha bo‘lgan qismi ularning tegishli ixtisoslashuv yo‘nalishlarida bittadan namuna va o‘rnak ko‘rsatadigan tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

“Yetakchi” tadbirkorlarga kooperatsiya asosida ishlayotgan fuqaro tomonidan ishlab chiqarilayotgan (etishtirilayotgan) mahsulotlarni sotib olish yoki shartnomaga asosan fuqaroga oylik ish haqi to‘lash sharti o‘rnatiladi. 

Kreditlar sektor rahbarlari tomonidan “og‘ir” mahallada tadbirkorlikni hamda iqtisodiy kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalar” va dasturlar Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazida himoya qilinib, ijobiy xulosasi olingandan so‘ng beriladi.