Ma’lumki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro`yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo`jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning may oyida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan hududlarda uy-joylar ro‘yxati tuzilib, aholi soniga aniqlik kiritilgan holda xonadonlar ro‘yxati to‘liq yangilab chiqildi. Bajarilgan ishlar natijasi bo‘yicha xaritalardagi aniqlangan xato va kamchiliklarini tuzatish, lozim bo‘lgan o‘zgarishlarni kiritish uchun hududiy kadastr agentligiga topshirilib, qayta ishlab chiqildi. Davlat statistika qo‘mitasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi mutaxassislari sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan hududlarda bo‘lib, olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni bilan bevosita tanishib bormoqdalar. Xususan, shu yilning 3- avgust kunidan e’tiboran boshqarmaning etakchi mutaxassisi S.Guseynov viloyat statistika boshqarmasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi xodimlari bilan birgalikda Xiva shahridagi mahallalarning yangilangan xaritalarini o‘rganish ishlarini olib bormoqdalar.
Bugun, 6- avgust kuni Davlat statistika qo‘mitasi raisining Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Z.M. Ziyaev viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi X. Egamov bilan birgalikda Xiva shahrida tashkil etilgan Aholini ro‘yxatga olish bo‘limi faoliyati hamda aholi punktlarining xaritalarini va aholi soniga aniqlik kiritgan holda xonadonlar ro‘yxatlarini yangilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarda olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining holati bilan tanishdi, mavjud kamchiliklar muhokama qilinib, tegishli tavsiya, ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.