26/06/2023

Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlariga doir qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda ushbu tadbirni samarali oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrishning mezonlari belgilab  berilgan.

        Aholini roʻyxatga olish  keng qamrovli, koʻp vaqt va mablagʻ talab qiladigan tadbir hisoblangani bois, bir qator masʼul davlat idoralarining  hamkorlikdagi faoliyati natijasida amalga oshiriladi. Shulardan biri fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari sanaladi.

       Maʼlumki, roʻyxatga olish ishlari bevosita mahallalar kesimida tashkil etiladi. Shunday ekan, mahalla, koʻcha, xonadon va u yerda yashovchi fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qanchalik aniq va toʻgʻri shakllantirilgan boʻlsa, roʻyxatga olish ishlarining natijasi shunchalik samarali boʻladi. Shu boisdan tayyorgarlik ishlarining aksariyatini bevosita mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikda  olib borish belgilangan. Xususan, aholi punktlarida yashovchi (doimiy roʻyxatda turgan) aholi sonining toʻliq roʻyxati tuzilishini taʼminlash, har bir mahallada  mavjud koʻchalarning nomlari, uylar va kvartiralarning raqamlari koʻrsatilgan koʻrsatkichlar boʻlishini taʼminlash ishlari aholini roʻyxatga olishga taraddud koʻrish mobaynida statistika idoralari va mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan birgalikda amalga oshirilishi kerak boʻlgan asosiy vazifalardan biridir. Shu bilan bir qatorda aholini roʻyxatga olish tadbiri davomida roʻyxatga olinadigan shaxslar (respondentlar) oʻz turar joylarida yashamasa, roʻyxatga olish soʻrovnomasi mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi ular xaqidagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.

2021-yilda Xiva shaxrida oʻtkazilgan sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish ishlarida bevosita mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan yaqindan xamkorlik qilish natijasida Roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi va oʻrinbosarlari, instruktor va statsionar roʻyxatga oluvchi, hisob uchastkasi va zaxira xodimlar soni ham yetarli darajada tashkil qilindi. Bundan tashqari mahalla fuqarolar yigʻinlari oʻz xizmat vazifasini olib boradigan mahallalarda roʻyxatga oluvchi xodimlarga yordam berish maqsadida oʻzining qoʻl ostidagi xodimidan biriktirib berishi natijasida roʻyxatga oluvchi xodim tashrif buyurgan xonadondan ishonchli maʼlumotlarni olgan holda ish yuritildi. Sababi mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan biriktirilgan maʼsul xodimni shu joyda istiqomat qiladiganlar yaxshi taniganligini bois roʻyxatga oluvchi xodimlarga maʼlumotlarni xech qanday qarshiliklarsiz taqdim qilish imkoniyati yaratildi. Shuning uchun aholini roʻyxatga olish tadbirida mahalla fuqarolar yigʻinlarining oʻrni, ishtiroki va roli muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Alisher Jumaniyozov

 

Viloyat statistika boshqarmasi Roʻyxatga olish ishlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻlimi boshligʻi