15/09/2022

Davlat statistika organlariga taqdim etiladigan statistik hisobotlar tarkibida dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari bo‘yicha 2-dx «Dehqon va tomorqa xo‘jaliklari faoliyati to‘g‘risida hisobot»ining o‘z vaqtida va sifatli topshirilishiga bevosita mahalla fuqarolar yig‘inlari  mas’ul hisoblanadi.

Dehqon va tomorqa xo‘jaliklari faoliyatining aniq hisobini yuritish   natijasida ular to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarning haqqoniyligi ta’minlanadi. Ana shu maqsadga yerishish bo‘yicha viloyat statistika boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari bilan birgalikda 2022- yilning sentabr oyida  reja-jadval asosida mahalla fuqarolar yig‘inlarining 2-DX hisobotining topshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan xodimlari ishtirokida joylarda o‘quv-seminarlari tashkil etildi.

O‘quv seminari  davomida har bir mahalla mas’ullariga dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yer maydonlari o‘lchamlari, chorva mollari  va parrandalar bosh soni, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmlarining hisobini to‘liq yuritilishi zarurligi tushuntirildi.

Amaliy ko‘nikmalarni egallash, mazkur hisobotni shakllantirish va topshirish tartiblarini o‘rganishga bag‘ishlangan seminarlar viloyatning barcha hududlarida mahalliy davlat hokimiyati idoralari vakillari ishtirokida tashkil etildi.

 Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Xorazm viloyati bo‘yicha  mavjud 526 ta mahalla fuqarolari yig‘inlari faoliyat yuritib, shulardan 506 tasida qishloq xo‘jaligi faoliyati amalga oshiriladi.

 2022- yilning yanvar-iyun oylarida Xorazm viloyati bo‘yicha yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmida dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklarining ulushi 81,9 % ni tashkil etgan.

 

 

                                              Xorazm viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati