27/10/2021

2021- yilning 1-25- noyabr kunlari  respublikamizning tanlab olingan 4 ta hududi - Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. 

Ushbu tadbirdan maqsad, 2023- yilda o‘tkaziladigan aholini yalpi ro‘yxatga olish ishlaridan oldin ro‘yxatga olish dasturi, savolnoma shakllari, uslubiy qo‘llanmalari, me’yoriy-huquqiy hujjatlari hamda aholini ro‘yxatga olish usullarini amaliy sinovdan o‘tkazish, sinov jarayonlarida aniqlangan barcha xato va kamchiliklarni bartaraf etish.

Sinov tariqasidagi aholini ro‘yxatga olish quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:

1 — 5- noyabr kunlari — internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish (5 kun);

6 — 10- noyabr kunlari — internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxatini shakllantirish (5 kun);

11 — 22- noyabr kunlari — aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari asosida uyma-uy yurgan holda aholini ro‘yxatga olish (12 kun);

23 — 25- noyabr kunlari — har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizini tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida o‘rganish.

Xiva shahrida o‘tkaziladigan sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish ishlarida umumiy hisobda  271 nafar vaqtincha jalb qilinadigan xodimlarning ishtiroki  ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, sinov tariqasida ro‘yxatga olishning aniq payti 2021- yil 1- noyabr soat 00:00 etib belgilanadi. Shu vaqtdan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar natijalari ro‘yxatga olish varag‘i shakllariga kiritilmaydi.

 

                                         Xiva shahar Aholini ro‘yxatga olish bo‘limi