26/08/2021

Joriy yilning 10–25- avgust kunlari 127 ta vazirlik va idoralarning 232 nafar xodimi uchun  “Ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish” bo‘yicha o‘quv kurslari o‘tkazildi.

Ushbu o‘quv kurslar Prezidentimizning 2019- yil 9- apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistik salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4273-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  808-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki (IT-park) shuningdek, Elektron hukumat loyiha boshqarish markazi tomonidan tashkil etildi.

 Ushbu o‘quv vebinarning asosiy maqsadi – “Ochiq ma'lumotlar sohasini rivojlantirish”, ularning ahamiyati va zaruriyati, materiallardan foydalanishning afzalliklari, ma'lumotlar to‘plamlarini O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalining yangi talqiniga (https://data.egov.uz/) joylashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Ochiq ma'lumotlarni yetkazib beruvchilarning faoliyati ochiq-oshkoraligini ta'minlash va Portalda joylashtiriladigan ochiq ma'lumotlar yordamida samarali iqtisodiy qarorlarni qabul qilish uchun foydalanuvchilarga zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Ta'kidlash lozim, ochiq ma'lumotlar – bu har kim olishi, foydalanishi va almashish imkoniyatiga ega bo‘lgan ma'lumotlar.

Hukumatlar, korxonalar va jismoniy shaxslar ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik foyda olish uchun ochiq ma'lumotlardan keng foydalanishi mumkin.

“Ochiq ma'lumotlar sohasini rivojlanrish” bo‘yicha tashkil etilgan ushbu o‘quv vebinar kelgusida ham muntazam o‘tkazish, xodimlarning ochiq ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha malaka va ko‘nikmasini oshirib borish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.

Matbuot xizmati