23/07/2021

Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

MasterCard va CrescentRating tashkilotlari tomonidan har yili e’lon qilinadigan «Jahon Musulmon Sayohati Indeksi» xalqaro reytingida O‘zbekiston olti pog‘ona yuqorilab 16-o‘rinni egalladi hamda eng jadal ko‘tarilgan mamlakat sifatida alohida e’tirof etildi. O‘zbekiston ushbu reytingda 2018-  yilda 32-o‘rin, 2019-  yilda 22-o‘rinni egallagan edi.

O‘zbekistonning bu yilgi hisobotda jadal ko‘tarilishiga mamlakatimizning Islom dini bilan bog‘liq boy merosini o‘rganish va xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan qator loyihalari asosiy sabab ekanligi ko‘rsatildi.

O‘zbekistonda 2016- yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan xalqimizning islom dini bilan bog‘liq noyob merosini ilmiy asosda o‘rganish, ma’rifatli islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan qator «mega loyihalar»ga asos solingan.

Poytaxtda barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shunday loyihalardan hisoblanib, mamlakatimizning islom dini bilan bog‘liq noyob moddiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish orqali mamlakatimizda ziyorat turizmining yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.