21/12/2023

Mamlakatimiz qonunchilik amaliyotida aynan aholini roʻyxatga olishga oid bir qancha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar  mavjud boʻlib, mustaqillik yillarida aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilmaganligi sababli, sohaga oid eng muhim huquqiy hujjat bu “ Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi  Qonuni  hisoblanadi.

Bu qonun 5 bob 31 moddadan iborat.

Maʼlumki, aholini roʻyxatga olish orqali faqat aholi soni emas, balki har bir davlatga oid ijtimoiy, iqtisodiy va demografik maʼlumotlar shakllantiriladi. Ushbu maʼlumotlar toʻplanib xalqaro tashkilotlar tomonidan tahlil qilinadi, umumlashtiriladi, maʼlum bir xulosalar yasaladi. Bu esa ushbu tadbirning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada oshiradi. Xalqaro tashkilotlar tomonidan roʻyxatga olish ishlarini tashkil etish boʻyicha aniq tavsiya va  mezonlar ishlab chiqilgan. BMT va uning aholishunoslik jamgʻarmasi YUNFPA tomonidan bir qancha muxim tafsiyalar ishlab chiqilgan. Bular har bir davlat oʻz aholisini kamida 10 yilda bir marta roʻyxatga olishi, roʻyxatga olish davri 2 oy ichida boʻlib oʻtishi, roʻyxatga olish davomida maʼlum bir davlat hududida 12 oy va undan ortiq muddat yashagan respondentlarni ham roʻyxatga olish kabi tavsiya va mezonlar ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ham oʻz navbatida mamlakatimizda roʻyxatga olish ishlarini tashkil etishda ushbu tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Aholini roʻyxatga olish  tadbiri aholining soni, jinsi va yosh tarkibini hisobga olish, aholining demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlarini oʻlchash, shu jumladan, etno-lingvistik tarkib, taʼlim va tayyorgarlik darajasi, aholining nikoh va oila tarkibi, fuqaroligi, bandligi va ishsizligi, aholining migratsiyasi, uy-joy sharoitlari, shuningdek, kichik hududlar va aholining alohida guruhlari toʻgʻrisida maʼlumotlar olinadi.

Olingan maʼlumotlar siyosiy qarorlar qabul qilish, iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar va mamlakat rivojlanishining prognozlarini ishlab chiqish uchun axborot asosi, bu barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning monitoringi doirasida, ayniqsa, muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Roʻyxatga olish jarayonlarida aholining oʻzigagina taalluqli boʻlgan shaxsiy  maʼlumotlar ochiqlanadi. Tabiyki shaxsiy maʼlumotlarni har bir fuqaro xam oshkor qilishni istamasligi mumkin, Avvalo “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respulikasi qonunida respondent yaʼni fuqaroning aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga monelik qilmasligi shartligi belgilab qoʻyilgan.

 Roʻyxatga oluvchi xodim respondentning uyiga borganda birinchi navbatda oʻzini tanishtirishi xizmat guvoxnomasini koʻrsatishi nima maqsadda kelganligini maʼlum qilishi, roʻyxatga olish savolnomalari mazmuni bilan tanishtirishi, olinadigan maʼlumotlar qanday maqsadlarda ishlatilishi va maʼlumotlarning sir saqlanishini tushuntiradi, shundan keyin ham respondent savollarga javob berishni rad qilsa, statsionar roʻyxatga olish uchastkasiga borib savollarga javob berishni tafsiya qiladi. Ikkala holda ham rad javobini olgan taqdirda ushbu respondent haqidagi maʼlumotlarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari bazasidan foydalangan holda toʻldiradi. Shuni aloxida takidlab oʻtish kerakki “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonunning 10-moddasida aholini roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy boʻlib, respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi aniq qilib belgilab qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish tadbirida ishtirok etmaganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.

Xorijiy amaliyotda roʻyxatga olishda ishtirok etmaganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Masalan:

Germaniyada sud shaxsni (respondentni) 1500 yevrogacha jarimaga tortishi mumkin, AQSH da maksimal  500 dollargacha, Avstraliyada aholini roʻyxatga olishda ishtirok etish qonun bilan talab qilinadi, shuning uchun agar shaxs kerakli shaklni toʻldirmasa yoki toʻliq boʻlmagan hujjat yuborsa, u 222 dollargacha jarimaga tortilishi va hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.  

Soʻngi yillarda MDH ga aʼzo davlatlarda aholini roʻyxatga olish tadbirilari oʻtkazildi.

Xususan:

2019-yilda Ozarbayjon Respublikasida oʻtkazildi, bunda 33 mingdan ortiq roʻyxatga oluvchi xodimlar ishtirok etib, roʻyxatga olish toʻliq qogʻoz usulidan foydalanilgan.

2020-yilda Tojikiston Respublikasida 3500 dan ortiq xodimlar ishtirok qilgan, ularda roʻyxatga olish qogʻoz va planshet qurilmalaridan foydalangan xolda oʻtkazilgan.

 2021-yil Qozogʻiston Respublikasida 22 mingdan ortiq , shu  yili Rossiya Federatsiyasida oʻtkazilgan roʻyxatga olish ishlarida 360 mingdan ortiq roʻyxatga oluvchi xodimlar ishtirok etgan.

 

Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish

bo‘limi boshlig‘i A.Jumaniyozov