24/07/2021

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2021- yil iyun oyida ko‘chmas mulk bozoridagi o‘zgarishlar tahlil qilindi.

Mazkur bozorlarda talab o‘zgarishi O‘zbekistonda iqtisodiy faollik tiklanganini ko‘rsatmoqda.  

 Joriy yilning iyun oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 21,5 mingtani tashkil etdi, bu may oyiga nisbatan 16,8 foizga ko‘proqdir.  

 Ta’kidlash kerakki, may oyida aprel oyiga nisbatan bir oz pasayish qayd etilgan edi. 2019-  yilning iyun oyi (14,3 ming) bilan taqqoslaganda, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalari soni 50,6 foizga oshdi. Biroq 2020-  yil iyun oyiga nisbatan (33,6 ming) 36 foizga pasayish qayd etildi. Bu, bir tomondan o‘tgan yili lokdaundan keyin karantin choralarining bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan ko‘chmas mulk bozorida jonlanish qayd etilganligi bilan, boshqa tomondan doimiy ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilishi bilan izohlanadi. Bunda, 2020-  yilning iyun oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 2019-  yilning iyuniga (14,3 ming) nisbatan 135,2 foizga oshgan bo‘lsa, Toshkentda bu ko‘rsatkich (2019-  yilning iyunida 4,5 ming) 148,7 foizga ko‘paygandi.  

 Hududlar kesimida respublikaning barcha hududlarida may oyiga nisbatan o‘sish kuzatildi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Samarqand (31,7), Farg‘ona (27,1), Namangan (26,2), Jizzax (25,7) va Navoiy (22,6) viloyatlarida kuzatildi.  

 Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, ipoteka krediti va ko‘chmas mulk savdosi o‘rtasida sezilarli darajada bog‘liqlik mavjud. Ipoteka kreditlari sonining 10 foizga oshishi ko‘chmas mulk oldi-sotdisining o‘rtacha 6,7 foizga o‘sishiga olib keladi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2021-  yilning yanvar-may oylarida aholiga berilgan ipoteka kreditlari hajmi 2,77 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu kreditlar soni 21,1 mingtaga etdi.  

                                                                                                            O‘zA