Bugun, 17- iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga tashrifi boshlandi. Ikki kunlik amaliy tashrif davomida to‘qimachilik, agrosanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyati bilan tanishish, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan.
«Yangi Andijon» shaharchasi qurilishining boshlanishi tashrifning eng muhim voqealaridan biri bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatiga kelib, Izboskan tumanining olis Qo‘g‘ay mahallasidagi “And gold” tikuv-trikotaj korxonasi faoliyati bilan tanishdi.Qiymati 2 million 500 ming AQSh dollari bo‘lgan loyiha doirasida yangi bino qurilib, zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Korxona yiliga 3 million 500 ming dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Davlatimiz rahbari bu erda mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.