Aholini roʻyxatga olish jarayoni jiddiy tayyorgarlikni talab etadi. Shahar va qishloq aholi punktlari kesimida aholiga doir keng qamrovli maʼlumotlarni olish uchun, avvalo, maʼlum bir hududning sxematik chizmalarini mukammal tarzda qayta ishlab chiqish va uy-joylarning roʻyxatini tuzish talab etiladi. Bu jarayon ushbu tadbirga tayyorgarlikning muhim bosqichlaridan biridir.
Bunda mahalla, qishloq va ovullarning chegaralari, koʻchalarda nom belgilarining oʻrnatilganligi, turar va noturar joylarning aniq soni hamda uylarning raqamlanganligi aniqlashtirib olinadi.
Ushbu vazifalarni amalga oshiruvchi uy-joylar roʻyxatini tuzuvchilar belgilangan davrda maxsus oʻqitiladi hamda bino va uy-joylar roʻyxatini tuzish uchun jalb etiladi.
Uy-joy roʻyxatini tuzuvchilar tomonidan oʻziga berkitilgan uchastkani xatlovdan oʻtkazish davomida respondentlar yashaydigan (vaqtincha boʻlib turgan) yoki yashashi mumkin boʻlgan barcha binolar roʻyxati aniqlanib, kartografik materiallar tekshiriladi, ularga tegishli belgi qoʻyiladi va zarur hollarda oʻzgartirishlar kiritish uchun kadastr idoralariga taqdim etiladi.
Insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 710-son qaroriga asosan hozirgi kunda viloyatimizda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish ishlari davom etmoqda. Mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar boʻyicha batafsil maʼlumot toʻplashning eng samarali usuli aholini roʻyxatga olishni sifatli tashkil etishga bevosita bogʻliq. Ayni paytda viloyatimiz shahar va tumanlarida ushbu muhim tadbirga jiddiy tayyorgarlik koʻrilmoqda. Boisi, aholini roʻyxatga olishni ilgʻor xorijiy tajriba, zamonaviy texnologiya va uslublardan foydalangan holda tashkil etish belgilangan.
Aholini roʻyxatga olish nafaqat statistik maqsadlar uchun, balki mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini yanada har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi. Mamlakat fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʻida aholini roʻyxatga olish tadbirlari orqali toʻplanadi. Ular nafaqat respublika, balki yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi. Aytish joizki, aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir.
Aholini roʻyxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʻlib, uning oʻtkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qatʼiy nazar, birdek manfaatdormiz.
Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan koʻp yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli oʻzgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq boʻlsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qoʻyiladi, deyish har jihatdan toʻgʻri boʻladi.
Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish
va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i
Alisher Jumaniyozov