Roʻyxatga olishni oʻtkazishga tayyorgarlik bosqichida oʻtkaziladigan reklama va axborot kampaniyalari aholini boʻlajak roʻyxatga olish ishlari toʻgʻrisida xabardor qilish va tadbirda faol ishtirok etishga ragʻbatlantirishga qaratilgandir.
Bunday reklama (axborot-targʻibot) kampaniyasining asosiy vazifasi yaqinlashib kelayotgan roʻyxatga olishning mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari va ijtimoiy, mintaqaviy va umummilliy demografik oʻzgarishlarni tahlil qilishdagi ahamiyatini tushuntirishdan iboratdir.
Fuqarolar ushbu jarayonda nafaqat ishtirok etishlari, balki oʻzlari haqida ishonchli maʼlumot berishlari lozim boʻladi. Bu tadbirning yakuniy maʼlumotlari haqqoniyligini taʼminlaydigan asosiy omillardan biri sanaladi. Shunday ekan aholi bilan targʻibot ishlarini olib borganda, ularni tadbirni oʻtkazishning muhimligi va zaruratiga ishontirish talab etiladi. Buning uchun esa puxta ishlab chiqilgan keng miqyosli reklama va axborot kampaniyasini oʻtkazish talab etiladi. Bu ishlar jamoatchilik bilan aloqalar, reklama va sotsiologiya sohasidagi mutaxassislar tomonidan amalga oshirilganda yaxshi samara berishi mumkin.
Reklama va axborot kampaniyasi tadbirlari dasturi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- jamoatchilikni tadbirdan keng xabardor qilish;
- jamoatchilik fikrini oʻrganish;
- ommaviy axborot vositalari bilan aloqa oʻrnatish;
- jamoatchilik fikrini monitoring qilish.
Roʻyxatga olishning asosiy masalalari aholining demografik, iqtisodiy. Etnik , til va diniy xususiyatlari inobatga olingan holda, har bir mamlakatda mavjud vaziyatni tahlil qilish asosida aniqlanishi kerak.
Shu bilan bir qatorda respondentni roʻyxatga oluvchi xodimga taqdim qilayotgan maʼlumotlarning maxfiyligi saqlanishiga, ularning toʻgʻri maqsadlarga ishlatilishiga ishontirish ham ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan roʻyxatga olish kelajakda jamoat ishlarini rejalashtirish uchun muhim maʼlumot manbai boʻlib xizmat qilishiga respondentni ishontirish orqali, zarur axborotni shakllantirish talab etiladi.
Reklama kampaniyasining har bir bosqichida bir yoki bir nechta aholini xabardor qilish uchun quyidagi usullar va ommaviy axborot vositalaridan foydalanish mumkin:
- milliy va mahalliy gazeta va jurnallar
- milliy, mintaqaviy va mahalliy tv va radio
- jamoaviy axborot vositalari
- matbuot anjumanlari, davra suhbatlari va brifinglar
- maxsus statistika va ilmiy anjumanlar
- internetdagi veb saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil texnologiyalar
- tarqatma materiallar va varaqalar
- reklamalar
- Ovozli audio va videomateriallar.
Reklama materiallarini tarqatishda kirish qiyin boʻlgan ayrim guruhlarning eʼtiborini jalb qilish zarur boʻladi. Bunday guruhlarga, keksa yoshdagilar, uzoq hududlarda yashovchi talaba va oʻquvchilar, nogironlar, yangi kelgan muhojirlarni kiritishimiz mumkin. Shuningdek, maʼlum bir yashash joyi boʻlmagan, tilni bilmaydigan, savodxon aholi qatlami alohida eʼtibor qaratish kerak boʻlgan aholi qatlamiga mansubdir. Bu toifadagi aholi bilan iloji boricha toʻgʻri tushuntirish va roʻyxatga olishning ularning ayni paytdagi holatini yaxshilanishiga ijobiy taʼsir oʻtkazishiga ishontirish usulidagi ishlarni olib borish zarur boʻladi.
Reklama kampaniyasi jamoatchilik koʻp yigʻiladigan joylarda, masalan, hokimliklar, oʻquv muassasalari, ommaviy kutubxonalar, banklar, transport bekatlari, pochta aloqa boʻlimlari va boshqa jamoat joylarida amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.
Sanobar Qurbonova
Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻlimi yetakchi mutaxassisi