Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 10-11-oktyabr kunlari Ashxobod shahrida boʻlib oʻtadigan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi.
 
Yigʻilishda Hamdoʻstlik doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan kompleks masalalarni muhokama qilish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Sammit yakunida bir qator hujjatlarni, jumladan, 2020-yilda MDHda raislikning Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtishi toʻgʻrisida qaror, Strategik iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya, 1941-1945-yillar Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan MDHga aʼzo davlatlar rahbarlarining Hamdoʻstlik mamlakatlari xalqlari va xalqaro hamjamiyatga murojaati, 2020-2022-yillarda terrorizm hamda ekstremizmning boshqa zoʻravon koʻrinishlariga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik dasturini qabul qilish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti MDH sammitidagi ishtiroki doirasida Ashxobodda qator davlatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.
 
O'zA