25/09/2023

Aholini ro‘yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir.

Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Misol uchun, ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo‘l keladi.Yosh haqidagi ma’lumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari yoki oliy ta’limga qabul qilinadigan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham xuddi shunday shakllanadi.

Yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo‘llar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan ta’minlashni rejalashtirish uchun zarur.

Aholini ro‘yxatga olish nafaqat aholi soni va demografiyasi, balki oilaviy ahvoli, yashash sharoiti, bandligi, jinsi, yosh darajalari, fuqaroligi, hududlarda aholi zichlik darajasi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari haqida ishonchli ma’lumot to‘plash imkonini beradi. Bu o‘z navbatida hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish, bo‘sh ish o‘rinlarini tashkil etishga yordam beradi. Bundan tashqari hududlarning xaritalaridagi mavjud xatoliklarga yechim topish bo‘yicha aniq takliflar berish imkonini vujudga keltiradi.

Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat o‘zimiz, balki kelajak avlod uchun muhim ma’lumotlarni to‘plashga erishamiz. Aholini ro‘yxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi.Keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan oilalarni qo‘llab-qo‘vvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

Mamlakatimiz  hududida aholini ro‘yxatga olish ilk bor sobiq Sovet Ittifoqi davrida - 1959, 1970, 1979, 1989- yillarida o‘tkazilgan.

Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:
1. Markazlashtirish. Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning qat’iy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishning asosiy shartlaridan biridir.
2. Aholini ro‘yxatga olishning muntazamligi. BMT tavsiyalariga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba o‘tkazilishi belgilangan.
3. Aholini ro‘yxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi. Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun ko‘p miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
4. Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish.
Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10–12 kun  talab etiladi. Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.
Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo’lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa,
u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.
5. Aholini ro‘yxatga olishning belgilab qo‘yilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish. Aholini ro‘yxatga olish dasturi – ro‘yxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar ro‘yxatini, ma’lumotlarni qayd etish, to‘plash, qayta ishlash, yakuniy ma’lumotlarni e’lon qilish tartiblarini o‘z ichiga oladi.
6. Aholining to‘liq qamrab olinishi. Aholini ro‘yxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta ro‘yxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining ro‘yxatdan joy olinishini ta’minlash asosiy vazifa hisoblanadi.
7. Ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi. Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
8. Ixtiyoriylik. Shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar so‘ralayotgan (respondent)ning  javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

 

Ro‘yxatga olish jarayonlarini

tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi

bosh mutaxassisi Tadjimuratov.U