15/05/2023

Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma’lumotlar ma’lum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi.

 

2020- yilning 16- martida qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi   O‘zbekiston Respublikasi Qonunining asosiy maqsadi  aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, unda tadbir bilan bog‘liq barcha me’yoriy-huquqiy jihatlar qamrab olingan.  

Qonunda ro‘yxatga olishning maqsadi va vazifalari, asosiy tushuncha va ta’riflari belgilab berilgan.

 3-moddada aholini ro‘yxatga olish  bilan bog‘liq quyidagi asosiy tushunchalarga ta’rif berilgan:

 aholini ro‘yxatga olish deb  — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berishning davriy jarayoniga aytiladi.

aholini ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat). Shu o‘rinda aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti degan tushunchaga to‘xtalib o‘tsak. Bunda   ro‘yxatga olishning belgilangan aniq paytidan keyin  sodir bo‘lgan demografik holatlar natijalari ro‘yxatga olish varag‘i shakllariga kiritilmaydi (vafot etgan shaxs kiritiladi, yangi tug‘ilgan chaqaloq kiritilmaydi).

respondentlar deb mazkur Qonunda — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ta’rif beriladi.

Ma’lumki ro‘yxatga olish ishlari bevosita xonadonma-xonadon yurgan holda, so‘rovnoma varaqlari asosida olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Ro‘yxatga olish varag‘i — ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka ya’ni varaq  hisoblanadi.

Ro‘yxatga olish ishlari ikki xil usulda —qog‘oz shakli hamda internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.

         Birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi. Bunda ro‘yxatga olish ishlari besh xil shakldagi so‘rovnomalar :

- turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati,

- shaxsga oid savolnoma,

- O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma,

- aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma,

- vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida amalga oshiriladi.

 

Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.

 

Qonunda keltirilgan navbatdagi tushuncha bu ro‘yxatga olish hujjatlari bo‘lib, ularga  aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar kiradi. Xususan, aholini ro‘yxatga olishga doir Vazirlar Mahqamasining qarorlari, mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish uchun vakolatli davlat organi bo‘lgan Davlat statistika qo‘mitasining buyruqlari kiradi.

Tadbirda ishtirok etuvchi ro‘yxatga oluvchi xodimlar — O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari bo‘lib, bularga  korxona tashkilot xodimlari va talabalar ham  ish haqi saqlangan holda jalb qilinishlari mumkin.

Va qonunda keltirilgan yana bir muhim tushuncha – bu uy xo‘jaligi tushunchasi bo‘lib, bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisidir. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin.

Qonunning 5-moddasi aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalariga bag‘ishlanadi.

Qonunga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilangan:

  • aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;
  • shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
  • aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
  • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish.

Qonunning 6-moddasida aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari keltirilgan.

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

davriylik;

umumiylik va bir paytdalik;

ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi;

shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi;

aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlarni uch tilda e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

 

 

                                         Alisher Jumaniyozov

 

Xorazm viloyati statistika boshqarmasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i