Multindikator klaster kuzatuvi (MICS) natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda faqatgina 5 % otalar farzandlarining ta’lim jarayonlarida ishtirok etadi. Bu haqda poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Davlat statistika qo‘mitasi hamda BMT xalqaro bolalar jamg‘armasi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilgan “Multiindikator klaster kuzatuvlarining dastlabki natijalari” mavzusiga bag‘ishlangan taqdimot yig‘ilishida axborot berildi.
Multindikator klaster kuzatuvi (MICS) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamg‘armasi YUNISEF tomonidan ishlab chiqilgan uy xo‘jaliklarining tanlanma kuzatuv xalqaro dasturi bo‘lib,ushbu jarayonda asosan, bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada taqqoslash imkonini beruvchi ko‘p ko‘rsatkichli ma’lumotlarni yig‘iladi, onalar va bolalar bo‘yicha dunyo miqyosidagi eng yirik statistik ma’lumotlar manbasi hisoblanadi.
MICS kuzatuvlari 1995- yildan boshlab 2022- yilga qadar dunyo mamlakatlari o‘rtasida 118 ta davlatda 349 marotaba o‘tkazilgan bo‘lib, O‘zbekistonda esa uchinchi bor tashkil etildi.
O‘zbekistonda MICS kuzatuvi tanlab olingan 556 ta mahallada joylashgan 15 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida, joyiga chiqqan holda respondentlar bilan suhbatlashish orqali yig‘ildi.
MICS natijalari bo‘yicha shakllantirilgan ma’lumotlar joriy yilning noyabr-dekabr oylarida Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti (www.stat.uz) hamda YUNISEFning (www.mics.unicef.org) veb-saytiga joylashtiriladi.
MICS kuzatuvi natijalariga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining 40 foizida 5 yoshgacha bo‘lgan kamida bitta bola bor.
Ortiqcha vaznli bolalar 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar umumiy sonining 5 %idan kamrog‘ini tashkil qiladi (o‘g‘il bolalar orasida 5 % va qizlar orasida 4 %).
Matbuot xizmati