Bugun, 4- avgustdan e’tiboran viloyatimizning barcha hududlarida aholi yashash punktlarini xatlovdan o‘tkazish ishlariga start berildi. 1-3- avgust kunlari viloyat bo‘yicha tanlab olingan 366 nafar uy-joy ro‘yxatini tuzuvchi (registrator) xodimlar uchun o‘quv-seminarlari tashkil etilib, unda registratorlar ish jarayonini tashkil etish va sifatli o‘tkazishga oid ko‘nikmaga ega bo‘ldilar.
Ularning galdagi vazifasi avgust oyida o‘zlariga biriktirilgan uchastkani to‘liq xatlovdan o‘tkazish, respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) yoki yashashi mumkin bo‘lgan barcha binolar ro‘yxatini aniqlash, kartografik materiallarni qiyosiy tekshirish, ularga tegishli belgi qo‘yish va zarur hollarda o‘zgartirishlar kiritishdan iboratdir. Olingan natijalar asosida hududlardagi Ro‘yxatga olish bo‘limlari hamda kadastr idoralari aholi yashash puktlarining yangilangan xaritalarini ishlab chiqadilar va bu ma’lumotlardan, o‘z navbatida, 2023- yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish jarayonida muhim va asosiy manba sifatida foydalaniladi.
Ma’lumot o‘rnida: aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik jarayonida har bir uy-joy ro‘yxatini tuzish nazarda tutilgan bo‘lib, mahallalar ma’lum bir uchastkalarga taqsimlanadi va har bir uchastkaga bir nafar maxsus o‘qitilgan xodimlar - uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar biriktiriladi.
Axborot xizmati