Nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda global muammo sifatida qaraladigan, taraqqiyotning barcha ko‘rinishlariga monelik qiladigan, insoniyatni tanazzulga yuz tutishiga sababchi bo‘ladigan salbiy omillardan biri, shubhasiz, korrupsiyadir. Ushbu illatga qarshi xalqaro miqyosda kurash olib borilayotgani ham uning jamiyat uchun naqadar xavf tug‘dirishidan dalolat beradi.
Demokratik jamiyatning asosiy belgilaridan biri – bu fuqarolarning huquqiy savodxonligi sanaladi. O‘z huquq va majburiyatlarini chuqur bilgan va tanigan insongina korrupsiyaviy holatlarga sababchi bo‘lmaydi, aksincha, uning oldini olishda ishtirok etadi.
Bugun, 24- iyun kuni Xorazm viloyati statistika boshqarmasida “Korrupsiya – barqaror rivojlanish uchun to‘siq” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Urganch shahar bo‘limi xodimi I. Ibrohimov ishtirok etdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yilning 6- iyulida qabul qilgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-sonli Farmonining mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar xususida hududiy boshqarma xodimlariga tushuntirishlar berdi.
Yig‘ilish davomida boshqarma bosh yuriskonsulti I.Otajonov yuqoridagi fikrlarni davom qildirgan holda, yana bir me’yoriy-huquqiy hujjat - O‘zbekiston Respublikasining 1998- yilda qabul qilingan “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonuni va uning ijrosi yuzasidan bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.
Davra suhbati so‘nggida mavzuga oid savollarga yig‘ilish ishtirokchilari batafsil javob berishdi.
Axborot xizmati