08/04/2022

Viloyat statistika boshqarmasi tomonidan 2022- yilning 1 choragida “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796 sonli  Prezident Qarori va shu asosda tasdiqlangan “2020 – 2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini  amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosini ta’minlash bo‘yicha hamda «2022- yil statistika ishlar dasturi» doirasida Davlat statistikasining asosiy prinsiplarini ta’minlagan holda qator ishlar amalga oshirildi.

   Mazkur “Yo‘l xaritasi” da  statistik infratuzilmani takomillashtirish, ma’lumotlardan foydalanuvchilar va ma’lumot yetkazib beruvchilar o‘rtasida samarali munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, alohida statistik yo‘nalishlar, tarmoq va hududlar statistikasini hamda statistik tadqiqotlarni takomillashtirish kabi vazifalar belgilab berilgan. Viloyat statistika boshqarmasining 2022- yilning o‘tgan davridagi  faoliyati  to‘laligicha ushbu vazifalarni amalga oshirishga  qaratildi.

       Statistika idoralari  tomonidan Davlat statistika Dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida yil mobaynida 109 turdagi davlat statistika hisobotlari va 31 turdagi kuzatuv va so‘rovnomalari o‘tkaziladi.

          Xususan, 2022- yilning yanvar-mart oylari davomida hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlfri mutaxassislari tomonidan kuzatuv uchun tanlab olingan joylar va subyektlar bo‘yicha, belgilangan muddatlarda, quyidagi tanlanma kuzatuvlari to‘liq va sifatli o‘tkazildi:

  • 219 ta uy xo‘jaliklarida aholi turmush darajasi, ichki turizm va aholining jismoniy faolligi, daromadlar va xarajatlar tarkibini aniqlashga qaratilgan tanlanma kuzatuvlari to‘liq elektron qurilma(planshet) yordamida o‘tkazildi.
  • 933 ta kichik korxona va mikrofirmalarning iqtisodiy holatini aniqlashga qaratilgan choraklik tanlanma kuzatuvlar o‘tkazildi.
  • 2 411 ta iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha norasmiy sektor ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorlarning tanlanma kuzatuvi tashkil etildi.
  • Shuningdek, 1225 ta Davlat statistika ishlarini ishlab chiqarish dasturida belgilangan boshqa kuzatuv so‘rovnomalari o‘tkazildi.

O‘tkazilgan so‘rovlar, kuzatuvlar hamda qabul qilingan davlat statistika hisobotlari natijalari umumlashtirilib, tegishli ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasining tegishli tarmoq boshqarmalariga o‘z vaqtida taqdim etildi.

       Ma’lumki 2021-  yildan e’tiboran barcha turdagi davlat statistika hisobotlarini topshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida veb-platforma shaklida “Estat 4.0” axborot tizimi  ishga tushirildi.

        Shu va tizimdagi boshqa yangiliklar bilan faoliyat ko‘rsatayotgan, shuningdek yangi tashkil etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni xabardor etish maqsadida 2021- yilning yanvar-dekabr oylari davomida hududiy boshqarmamiz mutaxassislari tomonidan  ommaviy axborot vositalari orqali 554 marotaba chiqishlar tashkil etildi. Barcha tuman va shaharlardagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va bosh hisobchilar  ishtirokida hisobot topshirish amaliyotini o‘rgatishga bag‘ishlangan seminar-treninglar,  sayyor qabullar o‘tkazildi.

        Natijada bugungi kunga kelib, barcha davlat statistika hisobotlarni yangi elektron tizim orqali qabul qilish to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

       2022- yilning o‘tgan davri davomida viloyat statistika boshqarmasining statistika ma’lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash,t o‘plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil etish va e’lon qilish bilan bog‘liq asosiy faoliyati haqida gap ketganda, 2022- yilning 1- mart holatiga viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 30 442 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlardan  jami 35 281 ta davlat statistika hisobotlari muddatlarida qabul qilinganini aytib o‘tish lozim.

   2022- yilning  I choragida hududiy boshqarmaga jismoniy va yuridik  shaxslar tomonidan yozma va og‘zaki qilingan murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, umumiy hisobda ularning  soni 42 tani tashkil qilgan. Shundan jismoniy shaxslarning murojaati 3 tani, yuridik shaxs maqomiga ega turli korxona va tashkilotlar tomonidan qilingan murojaatlar soni 39 tani tashkil etdi. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan murojaatchiga tegishli va to‘laqon javoblar yozma shaklda yo‘naltirilgan. Murojaatlar statistikasi to‘g‘risidagi  ma’lumotlar muntazam ravishda xorazm.stat.uz rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.

2021- yilning 11- avgustida “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining (O‘RQ–707-son) qabul qilinishi bilan  amaliyotga yangi tushuncha, ya’ni rasmiy statistika tushunchasi joriy etildi.

  Qonunda rasmiy statistika O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik hodisalar va jarayonlarni hamda boshqa hodisalar va jarayonlarni tavsiflovchi, ushbu qonunning qoidalariga muvofiq tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma’lumotlaridan iboratdir, deb aniq belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Qonunda rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan statistik ma’lumotlardan barchaga baravar foydalanish imkonini yaratish, ularni foydalanuvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun izohlar bilan birga belgilangan muddatlarda nashr qilinishi hamda rasmiy saytlar va OAVlarda e’lon qilinishini ta’minlanishi bo‘yicha qoidalar aniq belgilab qo‘yilgan.

Shu asosda statistik axborotning ishonchliligi, qulayligi, xolisligi va ochiqligini ta’minlash maqsadida, viloyat statistika boshqarmasi rasmiy sahifalari (veb-sayt, telegram, feysbuk)da viloyatning barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar joylashtirilgan va doimiy ravishda yangilanib borilmoqda.

Xususan, 2022- yilning 1 choragida  Davlat statistika hisobotlari va kuzatuvlari natijasida olingan statistik ma’lumotlar umumlashtirilib, viloyatning rivojlanishini, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini to‘liq aks ettiruvchi kompleks statistik va tahliliy axborotlar jumladan, 24 press-relizlar va 65 ta ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar boshqarma rasmiy veb- saytining ochiq ma’lumotlar sahifasiga joylashtirilib, yangilanib borilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda viloyat statistika boshqarmasi mutaxassislari yuqorida qayd qilingan vazifalarni bajarish barobarida  2023- yilda o‘tkazilishi belgilangan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rib kelmoqdalar.

       Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi qaroriga asosan,  mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va  sifatli o‘tkazilishini ta’minlash, uning tashkiliy va uslubiy jihatlari, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlash texnologik jarayonlarining hozirligini

aniqlash maqsadida 2021- yil 1-25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Toshkent shahrining Yashnobod tumanlari va Xorazm viloyatining Xiva shahrida sinov tariqasida aholi ro‘yxatga olindi.

O‘tkazilgan sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri davomida Xiva shahri aholisi to‘g‘risida qog‘oz shaklida yig‘ilgan  ma’lumotlar  2022- yilning 5- yanvaridan  1- apreliga qadar  hududiy statistika boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Birlamchi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish markazlarida elektron tizimga kiritildi.

 

                                                                                                  Axborot xizmati