Xorazm viloyati statistika boshqarmasida 9- dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hududiy boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari A.Rahimov, yuriskonsult I.Otajonov, boshqarma boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Bobojonov hamda bir guruh yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda ta’kidlandiki, 2017- yilda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi butun dunyo miqyosida global muammo tusini olgan mazkur illatning payini qirqishda yangi bosqichni boshlab berdi. Bugun jahon siyosatchilari, olimlar va umuman, bashariyatning ertangi taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir inson tomonidan terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvandlik, geosiyosiy to‘qnashuvlar, ekologik muammolar, moddiy va ma’naviy inqirozlar qatorida korrupsiya ham eng xatarli voqelik sifatida tilga olinmoqda.
Korrupsiya jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur etkazadi. Inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Islohotlarga to‘sqinlik qilib, xalqning davlat hokimiyatiga, qonunlarning adolatliligiga bo‘lgan ishonchsizligini keltirib chiqaradi, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Oqibatda hayot sifati yomonlashib, odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalarning ildiz otishi uchun sharoit yuzaga keladi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar, korrupsiyaning davlat va jamiyat hayoti uchun xavfli ekanligini aytib o‘tish barobarida har bir soha, shu jumladan, statistika idoralari xodimlari avvalo o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi, qonun talablariga rioya qilishlari zarurligi, shundagina ish faoliyatida har qanday salbiy holatlarning oldi olinishi yuzasidan fikrlarini bildirib o‘tdilar.
Axborot xizmati