27/10/2021

 

Hurmatli Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari!

    Sizlarga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 710-son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida roʻyxatga olish 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida amalga oshiriladi.

      Aholini sinov tariqasida roʻyxatga olish ikki xil usulda, yaʼni 1-5-noyabr kunlari Internet tarmogʻi orqali va 11-22-noyabr kunlari qogʻoz shaklida roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan uyma-uy yurgan holda amalga oshiriladi.

       Internet tarmogʻi orqali aholini roʻyxatga olish uchun maxsus axborot tizimi ishlab chiqilgan. Mazkur axborot tizimida sinov oʻtkazilishi belgilangan hududlar aholisi uchungina emas, balki, respublikamizning barcha hududlarida yashovchi va boshqa davlatlarda vaqtincha boʻlib turgan fuqarolar uchun ham tizimga kirib, roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratilgan.

      Sinov tariqasida Internet tarmogʻi orqali aholini roʻyxatga olish natijasida ushbu axborot tizimining ishlash jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammo va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari koʻriladi hamda 2023- yilda respublikamizning barcha hududlarida oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olish davriga qadar foydalanuvchilar uchun yanada qulay holga keltiriladi.

        Hurmatli fuqarolar!

      Shu munosabat bilan, Sizlardan 1–5-noyabr kunlari ushbu axborot tizimiga (census.stat.uz) kirgan holda roʻyxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishingizni soʻraymiz!

        Unutmang, Sizning ishtirokingiz mamlakatimizning kelgusidagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi!

 

Murojaat uchun telefon:                   (71)-202-81-82;

                                                         (71)-202-81-72;

                                                         (71)-202-81-06;

                                                         (71)-202-81-75.

 

 Davlat statistika qoʻmitasi