Aholini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etilishi ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshiruvchi xodimlar, ya’ni ro‘yxatga olish uchastkasi boshlig‘i, o‘rinbosari, statsionar ro‘yxatga oluvchi hamda ro‘yxatga olish ishlarini bajaruvchi xodimlarning zimmasidagi vazifani mas’uliyat bilan to‘g‘ri va to‘liq bajarishiga bevosita bog‘liqdir.
Xo‘sh, yuqorida keltirilgan xodimlarning ro‘yxatga olish davomidagi asosiy vazifalari nimalardan iborat ?
Ro‘yxatga olish uchastkasi boshlig‘i va uning o‘rinbosari -instruktorlar bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan ro‘yxatga olish uchastkasi hududida ishlarni tashkil etish, instruktorlik uchastkalaridan ro‘yxatga olish varag‘i shakllarini va boshqa hujjatlarni sifatliligini tekshirib qabul qilish, o‘ziga biriktirilgan ro‘yxatga olish uchastkasi hududida yashovchi barcha aholini to‘liq ro‘yxatga olinishini ta’minlash, jinoyatchilikka moyil hamda tarbiyasi og‘ir oilalarni ro‘yxatga olishda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil qilish, ro‘yxatga olish jarayonlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini muvofiqlashtirib borish uchun mas’ul hisoblanadi.
Instruktorlik uchastkasi instruktori - ro‘yxatga olish uchastkasi boshlig‘iga bo‘ysungan holda statsionar va ro‘yxatga oluvchilar faoliyatini kunlik ish rejasi asosida tashkil etilishini va ro‘yxatga olish varag‘i shakllarini to‘g‘ri to‘ldirilishi va shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor qilinmasligini ta’minlaydi. Instruktorlik uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy umumlashtirib boradi.
Statsionar ro‘yxatga oluvchi- statsionar uchastkasiga faoliyat ko‘rsatadi, uning funksional vazifalariga yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlardan so‘rov o‘tkazish yo‘li orqali instruktorlik uchastkasida ro‘yxatga olishni o‘tkazadi va to‘plangan materiallar va hujjatlarning o‘z vaqtida, ishonchli va sifatli tayyorlanishi uchun shaxsan javob beradilar.
Ro‘yxatga oluvchi xodim - uyma-uy yurgan holda respondentlar bilan so‘rov o‘tkazish yo‘li orqali so‘rovnomalarni to‘ldirib ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshiradilar. Ro‘yxatga olish uchun borgan vaqtida doimiy yoki vaqtinchalik yashash xonadonida bo‘lmagan respondentlarga statsionar ro‘yxatga olish uchastkasiga borishlari yoki o‘zlariga qulay paytda ro‘yxatga oluvchini chaqirishlari to‘g‘risida xabarnoma qoldiradi. Uch martadan kam bo‘lmagan holda tashrif buyurib, xonadonda topilmagan respondentlar bo‘yicha fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida ro‘yxatga olish varag‘i shakllarini to‘ldiradi.
Qo‘shko‘pir tumani statistika bo‘limi