“Yangi O‘zbekistonning bir qismi bo‘l !” shiori ostida 2023- yilda butun mamlakatimizda, shu yilning 1-25- noyabr kunlari esa Xiva shahrida sinov tariqasida o‘tkazilishi belgilangan aholini ro‘yxatga olish ishlariga viloyatimizning barcha hududlarida hozirlik ko‘rilmoqda. Tadbirga tayyorgarlikning 1-bosqichidagi vazifalarni bajarish , ya’ni jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot ishlarini tashkil etish bo‘yicha har kuni viloyat statistika boshqarmasining shahar va tuman bo‘limlari xodimlari ishtirokida turli tashkilot va muassasalarda uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar tashkil etilmoqda.
Keng jamoatchilikni mazkur keng miqyosdagi tadbirdan boxabar etish maqsadida ana shunday tadbirlar bugun, 7- oktabr kuni Xiva shahridagi Turizm va sport kolleji, 18-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida, Qo‘shko‘pir tumanidagi 27-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida, Xonqa tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi hamda “Yangilanish” MFYda va Urganch shahridagi “Olimpiya” MFY da o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida aholini ro‘yxatga olishga oid yangi me’yoriy hujjatlar, ro‘yxatga olish ishlarini tashkil qilish tartibi, sinov tariqasida Xiva shahrida o‘tkaziladigan ro‘yxatga olish ishlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik xususida ma’lumotlar berdi.