Joriy yilning 4- oktabr kuni Xorazm viloyati statistika boshqarmasida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan hududiy boshqarma hamda tuman (shahar) statistika bo‘limlarida faoliyatni tashkil etish masalalari yuzasidan olib borilgan kompleks o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Davlat statistika qo‘mitasi raisining o‘rinbosari A.A.Ikramov videoaloqa formatida boshqarib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, “2020–2025- yillarda O‘zbekiston Respbulikasida statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi” va boshqa me’yoriy hujjatlarda davlat statistika organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarning ijrosini ta’minlash yuzasidan hududiy boshqarma hamda tuman (shahar) statistika bo‘limlarida shu kungacha amalga oshirilgan ishlarni tahliliy-tanqidiy o‘rganish natijalari bilan ishchi guruhi rahbari, qo‘mitaning Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi boshlig‘i A. Yu. Mirzohidov tanishtirib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, o‘rganish natijalari viloyatning Qo‘shko‘pir (bo‘lim boshlig‘i D.Artiqov), Bog‘ot (M.Xudoyberganov) va Hazorasp (bo‘lim boshlig‘i M.Qalandarov) tumanlari statistika bo‘limlarining faoliyati namunali tashkil etilganini, xodimlar o‘rtasida mehnat taqsimotining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi ishning samaradorligi va sifatiga ijobiy ta’sir qilganini ko‘rsatgan.
Shu qatorda yig‘ilishda bir qancha tuman statistika bo‘limlari va tarmoq bo‘lim boshliqlariga faoliyatida aniqlangan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi hamda 2021- yil uchun Davlat statistika ishlari dasturi ijrosi hamda yuklatilgan vazifalarni muddatida, sifatli va to‘liq tashkil etish yuzasidan kerakli yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi.
Axborot xizmati