Mamlakatimizda 2023- yilda o‘tkazilishi belgilangan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishda targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Shu kunlarda viloyatimizning barcha hududlarida keng jamoatchilikka tadbirning mazmun-mohiyatini etkazish va shu orqali fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan qizg‘in targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Xususan, bugun 21- sentabr kuni Yangiariq tumanidagi 19 hamda 29-umumta’lim maktablarida, Hazorasp tumani axborot-kutubxona markazida, Xonqa tumanining “Navro‘z” hamda Qo‘shko‘pir tumanidagi “Amirqum” mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazishga bag‘ishlangan bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan tadbirlarda statistika idoralari mutaxassislari tomonidan aholini ro‘yxatga olishning maqsad va vazifalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 11- noyabrdagi 710-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” gi Nizomning asosiy qoidalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
Ma’lumki, shu yilning 1-25- noyabr kunlari Xiva shahrida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan. Bugungi kunda mazkur tadbirga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari doirasida viloyat statistika boshqarmasi va shahar Aholini ro‘yxatga olish bo‘limi mutaxassislari tomonidan shahar kadastr bo‘limi bilan birgalikda o‘rganishlar natijasida raqamlanmaganligi aniqlangan uy-joylarni raqamlash ishlari yakuniga etkazilmoqda.
Axborot xizmati