24/06/2021

Shu kunlarda Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda.

To‘rtinchi sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M. Ziyadullayev, MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi raisi, MDHga a’zo davlatlar Statistika xizmatlari rahbarlari kengashi a’zosi V. Sokolin, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Spikeri o‘rinbosari A. Kasimaliyeva, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi deputati, Osiyo suv resurslari bo‘yicha parlamentlararo maslahat kengashi raisi Byon Chje Il, YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi uchun rejalashtirish va monitoring bo‘yicha mutaxassisi  S. Maxmudlu ishtirok etdi.

Unda Milliy BRM bo‘yicha asosiy statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, O‘zbekiston aholisini ro‘yxatga olish, statistik ma’lumotlarni yig‘ishda xalqaro tajriba, shuningdek, BRMni amalga oshirish uchun parlamentlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Bugungi kunda statistika ma’lumotlari sifatini yanada yaxshilash, statistika ko‘rsatkichlarining to‘laqonli ma’lumot bazalarini yaratish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish ehtiyoji mavjud. Bu esa milliy statistika tizimini takomillashtirish, statistika ma’lumotlarining xolisligi va ishonchliligini oshirishni talab etadi.

Ishtirokchilar tomonidan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilganligi rasmiy statistikaning xalqaro darajada tan olinishiga instituttsional baza yaratishi qayd etildi.

Shu jumladan, statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, xususan rasmiy statistika hisobotlarini yig‘ish va kuzatuvlarni o‘tkazish hamda ularning natijalarini nashr va e’lon qilish jarayonlariga hech kim aralashmasligi, shuningdek, hududiy davlat statistika organlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil bo‘lishi kabi normalarning qonunga kiritilayotganligi yuksak baholandi.

Milliy statistika tizimi xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga solinishi, shu jumladan rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilarning ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tarqatish faoliyatlarida xalqaro tamoyillarga tayanishi sifatli rasmiy statistikani yetkazib berishga xizmat qilishi e’tirof etildi.