Joriy yilning 22- iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasida Xalqaro statistika instituti vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Zoom” platformasi orqali tashkil etilgan uchrashuvda Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi qo‘mita jamoasi Xalqaro statistika instituti Prezidenti Jon Bayler boshchiligidagi ekspertlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, statistika sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalarini muhokama qilishdi.
Jon Bayler Davlat statistika qo‘mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovichni O‘zbekiston Respublikasidan Xalqaro statistika institutining ilk a'zosi etib saylangani bilan tabrikladi.
Xalqaro statistika instituti direktori Ada van Krimpen ta’kidlaganidek, Davlat statistika qo‘mitasi raisining mazkur a'zoligi va bugungi uchrashuvdagi ikki tomonlama hamkorlikdagi kelishuvlar – xalqaro darajada barcha statistiklar bilan o‘zaro aloqa qilish, institutning uzluksiz ta'lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlaridan keng foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, Xalqaro statistika instituti o‘quv qo‘llanmalari, nashrlari va boshqa ilmiy maqolalaridan, shuningdek, Xalqaro statistika instituti manbalaridan samarali foydalanish hamda Jahon statistika kongressida, mintaqaviy statistika kongresslarida va boshqa xalqaro konferensiyalar, seminarlarda ishtirok etish va taqdimot qilish huquqini beradi.
Onlayn o‘tgan uchrashuvda har ikki tomon vakillari statistika sohasida amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar borasida fikr almashishdi. Jumladan, Davlat statistika qo‘mitasi raisi va Xalqaro statistika institutining ekspertlari o‘zaro tajriba almashib, statistika idoralari faoliyatini yanada rivojlantirish borasida taqdimot qilib, o‘zlarining taklif va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Uchrashuv do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi. Kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Ma'lumot uchun: Xalqaro statistika instituti (XSI) professional statistiklar uyushmasi hisoblanadi. Mazkur institut BMTning iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi (EOSO) va YuNeSKO tashkilotlari uchun maslahatchi maqomiga ega. Institut 1885- yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1853- yildan beri xalqaro statistik kongresslar o‘tkazib kelmoqda. Institut tarkibida 100 dan ortiq mamlakatlardan jami 4500 ga yaqin hukumat, ilmiy doiralar va xususiy sektordan saylangan a'zolari mavjud.
Institut tomonidan doimiy tarzda statistik kitoblar va jurnallar chop etiladi, shuningdek, har ikki yilda bir marotaba xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan mazkur konferensiya odatda Xalqaro statistika instituti sessiyasi deb nomlangan bo‘lsa, 2011- yildan boshlab, Xalqaro statistika instituti Jahon statistik kongressi deb nomlandi. Institutning doimiy vakolatxonasi Niderlandiyaning Leidshenven shahrida (Gaaga) Niderlandiya statistika boshqarmasi binosida joylashgan.