Joriy yilning 18- iyun kuni Xorazm viloyati statistika boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish idoraviy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda boshqarma yuristkonsulti I.Otajonov 2017- yil 3- yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi 419-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 27- maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-sonli Farmonidan kelib chiqadigan vazifalar hamda Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi xususida ma’lumot berdi. Jumladan, jamiyatda fuqarolar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga zamin yaratishi ta’kidlandi.
Qonunda ko‘rsatilganidek, davlat idora va tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish ular faoliyatining shaffof va ochiqligini ta’minlashga, ish samaradorligini oshirishga ijobiy ta’sir qiladi. Shu o‘rinda statistika idoralarida yuridik shaxslarning iqtisodiy faoliyatiga daxldor turli masalalarda, yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash jarayonida xodimlarning o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshishi hamda kasbiy etika qoidalariga rioya etishlari orqali har qanday korrupsiyaga daxldor holatlarning oldi olinishi uqtirildi.
Axborot xizmati