Belgiyaning «Modern Diplomacy» axborot-tahlil portalida «O‘zbekiston soliq tizimida modernizatsiyalashuv davom etmoqda» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Jahon banki ijrochi direktorlari kengashi O‘zbekistonda soliqqa tortish islohotlari loyihasini tasdiqlagani va bu hujjat Davlat soliq qo‘mitasining operatsiyalar o‘tkazishdagi samaradorligi hamda natijadorligini oshirish, shuningdek, mahalliy soliq to‘lovchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgani bilan bog‘liq atroflicha ma’lumotlar qalamga olingan.
Ushbu loyiha Moliyalashtirish bilan rivojlanish xalqaro uyushmasi tomonidan 60 million AQSh dollari miqdoridagi kredit bilan qo‘llab-quvvatlanishi ham o‘quvchilarga ma’lum qilingan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston hukumati soliq islohotlari hamda biznes yuritish va sarmoya muhitini yaxshilashga ustuvor darajada e’tibor qaratayotgani alohida ta’kidlangan, — deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.