2021- yil 16- iyun kuni soat 14:00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “Respublikada bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida o‘tkazilayotgan multiindikator klaster kuzatuvlari” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati, markaziy apparat boshqarma boshliqlari, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas'ul koordinatorlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”
2019- yil 9- apreldagi PQ-4273- son qarori ijrosini ta'minlash hamda respublikada bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019- yil 24- iyuldagi 625- sonli qaroriga muvofiq, 2020-2021- yillarda O‘zbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS)ni o‘tkazilishi belgilandi. Multiindikator klaster kuzatuvlari BMTning Xalqaro bolalar jamg‘armasi YUNISEF tomonidan ishlab chiqilgan uy xo‘jaliklarining tanlanma kuzatuvi xalqaro dasturi bo‘lib, asosan, bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida ko‘p ko‘rsatkichli ma'lumotlarni yig‘adi, shu o‘rinda onalar va bolalar bo‘yicha dunyo miqyosidagi eng yirik statistik ma'lumotlar manbasi hisoblanadi. MICS kuzatuvlari ilk marotaba 1995 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, 1995-2020 yilga qadar butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida 118 ta davlatda 346 marotaba MICS kuzatuvlari amalga oshirilib, ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqlari va ularning ta'lim olish darajasi, bolalarning sog‘lom va jismoniy rivojlanishlari o‘rganilib, ular to‘g‘risidagi statistik ma'lumotlar jamlangan.
O‘zbekiston Respublikasida MICS kuzatuvi bundan 15 yil oldin bo‘lib o‘tgan, o‘tgan yillar davomida ayollar va bolalar huquqlarini muhofaza qilishga, gender tengligini ta'minlashga, jamiyatda ayollarning holatini yaxshilashga, mamlakatda bolalarning rivojlanishi uchun kerakli sharoitlarni yaratishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, bu esa, xalqaro tavsiyalarga mos ravishda ma'lumotlarni yangilash va foydalanuvchilarga ishonchli, to‘liq va dolzarb statistik ma'lumotlar taqdim etish kerakligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mamlakatda muhim strategik ijtimoiy-iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, real ma'lumotlar xalqaro taqqoslash va tahlil qilishda o‘ta muhim ahamiyatga ega. Masalan, MICS ma'lumotlari ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha xalqaro reytinglardamuntazam ishlatib kelinadi va yangi ma'lumotlar xalqaro maydonda jamiyatning asosiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha joriy holatini namoyon etadi. Shu bilan bir qatorda, MICS Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishdagi o‘zgarishlarni, bir qator milliy ustuvorliklarni va bolalar huquqlarini amalga oshirishdagi o‘zgarishlarni kuzatib borish imkonini beradi.