22/08/2023

Aholini roʻyxatga olish ishlari uchun roʻyxatga oluvchi xodimlarni tanlash masalasi nihoyatda dolzarb  hisoblanadi.

  Mavjud meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari boʻlishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Shunga qaramay, tadbirga birinchi navbatda, Davlat statistika qoʻmitasi va uning viloyat, shahar va tuman boʻlimlari xodimlari, statistika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq. Boisi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish jarayonida aholini roʻyxatga olish dasturida belgilangan savollar roʻyxatiga rioya etish, ularning mazmuni buzilishiga yoʻl qoʻymaslik, respondentga ishning maqsadini toʻgʻri yetkaza olish va shu orqali  olinadigan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga, ularning maxfiyligini taʼminlash va ularning mazmunini oshkor qilinmasligiga  aynan roʻyxatga oluvchi xodimlar bevosita masʼul  sanaladilar.

Respondentlar tomonidan yashab turgan xonadonida (joyida) roʻyxatdan oʻtishni istamaslik yoki savollarga javob berishni rad etganlik holatlari yuzaga kelgan taqdirda, ushbu shaxslarga doir maʼlumotlar roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.

Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga jalb qilingan shaxslarning mehnatiga  haq toʻlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlikning muhim bosqichi

 

Aholini roʻyxatga olish jarayoni jiddiy tayyorgarlikni talab etadi.  Shahar va qishloq aholi punktlari kesimida aholiga doir keng qamrovli maʼlumotlarni olish uchun, avvalo, maʼlum bir hududning sxematik chizmalarini mukammal tarzda qayta ishlab chiqish va uy-joylarning roʻyxatini tuzish talab etiladi. Bu ushbu tadbirga tayyorgarlkining muhim bosqichlaridan biridir.

Bunda mahalla, qishloq va ovullarning chegaralari, koʻchalarda nom belgilarining oʻrnatilganligi, turar va noturar joylarning aniq soni hamda uylarning raqamlanganligi aniqlashtirib olinadi.

Ushbu vazifalarni amalga oshiruvchi uy-joylar roʻyxatini tuzuvchilar maxsus oʻqitiladi hamda bino va uy-joylar roʻyxatini tuzish uchun jalb etiladi.

           Uy-joy roʻyxatini tuzuvchilar tomonidan oʻziga berkitilgan uchastkani xatlovdan oʻtkazish davomida respondentlar yashaydigan (vaqtincha boʻlib turgan) yoki yashashi mumkin boʻlgan barcha binolar roʻyxati  aniqlanib, kartografik materiallar tekshiriladi, ularga tegishli belgi qoʻyiladi va zarur hollarda oʻzgartirishlar kiritish uchun kadastr idoralariga taqdim etiladi.

Aholini roʻyxatga olish zarurati faqat demografik koʻrsatkichlar bilan chegaralanib qolmaydi

 

Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni hisoblanadigan aholini roʻyxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʻlib, uning oʻtkazilishidan barcha, siyosiy qarashlari va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar birdek manfaatdordir. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni, fuqaroligi, nikoh holati yaʼni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning taʼlim darajasi (oʻrta, oʻrta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xoʻjaligining yashash sharoitlari kabi bir qancha koʻrsatkichlar boʻyicha bugungi kunda yetarlicha mavjud boʻlmagan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritiladi.

Aholini roʻyxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar roʻyxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

 

Xorazm viloyat statistika boshqarmasi

Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish

boʻlimi boshligʻi A.Jumaniyozov