Viloyat statistika boshqarmasida shu yilning 9- iyun kuni o‘tkazilgan navbatdagi huquqiy targ‘ibot yo‘nalishidagi seminar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2023- yil 6- mayda qabul qilingan O‘RQ-838-sonli Qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlandi.
Boshqarma bosh yuriskonsulti I.Otajanov mazkur qonun bilan tanishtirar ekan, mazkur normativ hujjatning qabul qilinishi bilan mamlakatimizda saylov tizimini yanada takomillashtirishga, saylovchilarning va saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar yig‘inlari faoliyatining va referendumda ishtirok etishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga yangicha yondoshuv shakllanishini alohida urg‘u berdi.
Xususan, yangi qonunda har yilgi mahalliy budjetlarning bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirish, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan fuqarolarning viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga tayinlanishini taqiqlash nazarda tutilmoqda. Saylov va referendumda ishtirok etishning hamda fuqarolar yig‘inlari faoliyatining huquqiy asoslari ham mustahkamlanmoqda.
Axborot xizmati