Mamlakatimizda aholini roʻyxatga olish ikki xil usulda —qogʻoz shakli hamda internet tarmogʻi orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Qogʻoz shaklidagi roʻyxatga olish ishlari roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan oʻtkazilib, ular bevosita respondentlar yaʼni roʻyxatga olinuvchi fuqarolar yoki ularning vakillari bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlish orqali yuqoridagi dastur savolnomalari orqali maʼlumotlarni maxsus varaqaga yozadilar. Roʻyxatga olish dasturida boshqa shakllar qatorida “Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish boʻyicha savolnoma” mavjud boʻlib, unda ushbu toifaga kiruvchi shaxslar va ularni roʻyxatga olish ishlarining xususiyatlari va tartibi belgilab berilgan.
"Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish tartibini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan 2021- yilning 23-avgustidagi 31-sonli qarori bilan "Oʻzbekiston Respublikasida 2021-yilda sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishda aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom" tasdiqlandi. Ushbu Nizom sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish oʻtkazilishi belgilangan hududlarda, aholining ayrim toifalarini roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazishni amalga oshirishning tartibi va mexanizmlarini belgilab beradi.
Viloyatimizning Xiva shahrida 2021-yilning noyabr oyida tashkil etilgan sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish jarayonida mazkur Nizom qoidalari asosida ishlar olib borildi.
Nizomga asosan quyidagi fuqarolar aholining ayrim toifalari deb yuritiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning oʻzi bilan birga boʻlgan oila aʼzolari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilganlar;
muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila aʼzolari;
zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida, qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (boʻlgan)lar;
bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, “Bolalar shaharchalari”da,shu jumladan “SOS” Oʻzbekiston bolalar mahallalari uyushmasi “, “Muruvvat” internat uylari, qariyalar pansionatlari, “Sahovat” internat uylari kabi ijtimoiy muassasalarda, diniy muassasalarda, shifoxonalarda va boshqa sogʻliqni saqlash tashkilotlarida yashayotgan (boʻlgan yoki davolanayotgan)lar;
Aholining ayrim toifalarini roʻyxatga oluvchi tashkilotlar sifatida - Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, harbiy qismlar va ularning yopiq hududlari, yuqorida nomlari keltirilgan toifadagi fuqarolar yashayotgan yoki saqlanayotgan muaassasalar nazarda tutilgan.
Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish sanasida mazkur Nizomning ayrim toifadagi respondentlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish Maxsus tashkilotlar maʼmuriyatlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, maxsus tashkilotlarning respondentlari 1-5-noyabr kunlari internet jahon axborot tarmogʻi orqali ham aholini roʻyxatga olish varagʻi shakllarini (savolnomalarni) elektron shaklda toʻldirib, taqdim etishlari mumkin.
Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar boʻlgan, shuningdek, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar boʻlgan va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila aʼzosi boʻlgan respondentlar Mudofaa vazirligi va boshqa qurolli kuchlarning yopiq hududlari boʻyicha roʻyxatdan oʻtadilar va ular haqidagi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Yopiq hududlardan tashqarida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatni oʻtayotganlar va ularning oila aʼzolari doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtadilar.
Ozodlikdan mahrum qilish muassasalaridagi shaxslar, jazoni oʻtash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi.
Qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonalarida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (boʻlgan) respondentlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish mazkur muassasalar hamda tashkilotlarning maʼmuriyatlari vakolat bergan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Tergov hibsxonalarida yoki maxsus qabulxonalarda (izolyatorlarda) vaqtincha saqlanayotganlar doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi.
Maktab internatlarida taʼlim oladigan va faqat dam olish kunlari uylariga qaytadigan oʻquvchilar ota yoki onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi.
Roʻyxatga olish davrida shifoxona, sanatoriya va shu kabi boshqa ijtimoiy tashkilotlarda 1 yildan ortiq muddatdan buyon davolanayotganlar ushbu tashkilotlar manzili boʻyicha roʻyxatga olinadi.
Roʻyxatga olish davrida tugʻruqxonalarda boʻlgan yangi tugʻilgan chaqaloqlar ota yoki onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning oʻzi bilan birga boʻlgan oila aʼzolari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari boʻlgan chet el fuqarolari hamda ularning oila aʼzolari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega boʻlgan boshqa shaxslar aholining ayrim toifalari tarkibiga kirmaydi va ular roʻyxatga olinmaydi.
Doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar (uysizlar) roʻyxatga oluvchiga ajratilgan hudud (manzil) boʻyicha roʻyxatga olinadi. Agar roʻyxatga oluvchilar oʻz uchastkasida uysizlarga duch kelsa, ular maxsus shakl boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, alohida toifadagi shaxslarni roʻyxatga olish ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha masʼul boʻlgan tashkilot va muassasa vakillari uchun roʻyxatga olish ishlarini olib borishga oid maxsus oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Sanobar Qurbonova
Xorazm viloyati statistika boshqarmasi Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻlimi yetakchi mutaxassisi